Ommaviy oferta
Tahrir: 1.0 — Kuchga kirish sanasi: 2026-08-10
Tahrir: 1.0 Oferta ID: ISHON-OFFER-2026-02 E'lon qilingan sana: 10.08.2026 yil Kuchga kirish sanasi: 10.08.2026 yil Platforma: Instant Secure Hassle-free Orders Network Veb-sayt: ishon.org Ushbu Ommaviy oferta (keyingi o'rinlarda — Oferta) Operator tomonidan elektron hujjat shaklida e'lon qilinadi. Platformada ro'yxatdan o'tayotgan yoki undan foydalanuvchi jismoniy shaxs Oferta shartlarini belgilangan elektron tartibda qabul qilganidan so'ng Operator va Foydalanuvchi o'rtasida Platformadan foydalanishga doir shartnoma tuziladi.
1-BOB. UMUMIY QOIDALAR VA OFERTA PREDMETI
1.1. Oferta Instant Secure Hassle-free Orders Network Platformasidan foydalanish, Buyurtma va Takliflarni joylashtirish hamda ko'rib chiqish, Buyurtma Bitimini elektron shaklda tuzish, Elektron AKTni rasmiylashtirish, hisob-kitoblarni texnik jihatdan tashkil etish, komissiya, qaytarish, nizo, maxfiylik va boshqa tegishli munosabatlarning yagona shartlarini belgilaydi. 1.2. Ushbu Oferta Buyurtmachi va Ijrochi uchun alohida-alohida emas, balki bitta yagona hujjatdir. Foydalanuvchi qaysi rejimdan foydalansa, unga mazkur Ofertaning shu rejimga tegishli qoidalari qo'llaniladi. 1.3. Dastlabki bosqichda Platformadan faqat O'zbekiston Respublikasining muomalaga layoqatli, o'n sakkiz yoshga to'lgan jismoniy shaxslari foydalanishi mumkin. Yuridik shaxs Buyurtmachisi yoki Ijrochisi rejimi tegishli identifikatsiya, vakolat va shartnoma tartibi joriy etilmaguniga qadar yopiq bo'ladi. 1.4. Operator Platforma orqali Buyurtmachi va Ijrochi o'rtasida ish yoki xizmatga oid fuqarolik-huquqiy bitimni shakllantirish uchun axborot-texnologik vositachilik, texnik infratuzilma, elektron hujjatlashtirish va qo'llab-quvvatlash xizmatlarini ko'rsatadi. 1.5. Oferta tarkibiga ushbu hujjatda bayon etilgan Platforma qoidalari, to'lov, qaytarish, nizo, Jamoaviy Buyurtma, Brigadir, shaxsga doir ma'lumotlar va elektron tasdiqlash qoidalari kiradi. Foydalanuvchiga ushbu masalalar bo'yicha asossiz ravishda takroriy alohida hujjatlar qabul qildirilmaydi. 1.6. Operator Platformani rivojlantirish maqsadida yangi funksiyalar, servislar va modullarni va boshqa xizmatlarni bosqichma-bosqich joriy etishi mumkin. Yangi xizmatlar ishga tushirilishi haqida Foydalanuvchilarga Platforma yoki boshqa rasmiy aloqa kanallari orqali oldindan yoki ishga tushirilgan paytda xabar beriladi. Har bir xizmatning foydalanish tartibi, o'ziga xos shartlari va zarur hollarda elektron tasdiqlash talablari alohida hujjatlar yoki Platformadagi tegishli qoidalar bilan belgilanadi. 1.7. Foydalanuvchi Ofertani qabul qilishdan oldin uning to'liq matni, amaldagi tahriri, Oferta IDsi va qabul qilish usuli bilan tanishish imkoniyatiga ega bo'ladi. 1.8. Operator Ofertaga o'zgartirish kiritishga haqli. Yangi tahrir, qoida tariqasida, kuchga kirishidan kamida 30 kalendar kun oldin Platformada e'lon qilinadi. Qonunchilikdagi majburiy o'zgarish, to'lov xavfsizligi, firibgarlikning oldini olish yoki Foydalanuvchi huquqlarini himoya qilish uchun zarur bo'lgan o'zgarishlar qisqaroq muddatda e'lon qilinishi mumkin. 1.9. Oferta davlat tilida, lotin yozuvida tuziladi va ustuvor matn hisoblanadi. Boshqa tildagi tarjima faqat qulaylik uchun berilishi mumkin; tafovut bo'lsa, davlat tilidagi matn qo'llaniladi.
2-BOB. ASOSIY ATAMALAR VA TALQIN QILISH QOIDALARI
2.1. Operator — «Help To Business HTB» MCHJ, Instant Secure Hassle-free Orders Network Platformasining egasi va axborot-texnologik operatori. 2.2. Platforma yoki Instant Secure Hassle-free Orders Network — Operatorga tegishli veb-sayt, mobil ilova, serverlar, dasturiy interfeyslar va ular orqali ishlaydigan funksiyalar majmui. 2.3. Foydalanuvchi — Platformada ro'yxatdan o'tgan va ushbu Ofertani qabul qilgan jismoniy shaxs. 2.4. Buyurtmachi — ish yoki xizmatni olish uchun Buyurtma joylashtiruvchi Foydalanuvchi. 2.5. Ijrochi — Buyurtma Bitimi asosida ish yoki xizmatni mustaqil bajaruvchi Foydalanuvchi. 2.6. Buyurtma — Buyurtmachi joylashtirgan ish yoki xizmat haqidagi takliflarni jalb qilishga qaratilgan elektron tavsif. 2.7. Taklif — Ijrochining muayyan Buyurtmani belgilangan shartlarda bajarish istagini ifodalovchi elektron xabari. 2.8. Buyurtma Bitimi — Buyurtmachi va Ijrochi o'rtasida muayyan Buyurtma yuzasidan elektron tasdiqlash orqali tuzilgan fuqarolik-huquqiy bitim. 2.9. Elektron AKT — bajarilgan ish yoki ko'rsatilgan xizmatni to'liq yoki qisman qabul qilish, e'tiroz yoki kelishilgan hisob-kitobni qayd etuvchi elektron dalolatnoma. 2.10. Paylov — Operator bilan hamkorlik qiluvchi to'lov infratuzilmasi yoki to'lov xizmati hamkori. Paylov ushbu Ofertaning tarafı va Ijrochining Komissioneri emas. 2.11. Komitent — Komissioner bilan tuzilgan shartnoma asosida unga o'z nomidan yoki o'z manfaatlarini ko'zlab qonunchilikda ruxsat etilgan doirada hisob-kitoblarni amalga oshirish va boshqa tegishli harakatlarni bajarish vakolatini beruvchi shaxs. 2.12. Komissioner — qonunchilik va Platformadagi tasdiqlangan tartib doirasida Ijrochi nomidan hisob-kitob yoki fiskallashtirish jarayonini tashkil etish vakolati berilgan Operator. 2.13. Brigadir — Jamoani yaratgan, jamoaviy Buyurtma bo'yicha tashkiliy muvofiqlashtirishni amalga oshiruvchi Ijrochi. Brigadir Komissioner emas. 2.14. Jamoa — bir yoki bir nechta Jamoaviy Buyurtmani bajarish uchun Platformada shakllantirilgan Ijrochilar guruhi. 2.15. Jamoaviy Buyurtma — bir nechta Ijrochi tomonidan birgalikda bajarilishi nazarda tutilgan Buyurtma. 2.16. OTP — Foydalanuvchining telefon raqamiga yoki Platformada belgilangan tasdiqlash kanaliga yuboriladigan bir martalik kod. 2.17. MyID — Foydalanuvchi shaxsini qonuniy integratsiya orqali identifikatsiya qilish vositasi. 2.18. Audit izi — Platformadagi muhim harakatlar, hujjat versiyalari, elektron tasdiqlar, vaqt, texnik identifikatorlar va boshqa qaydlar majmui. 2.19. Ijro qiymati — Buyurtma bo'yicha Ijrochiga tegishli bo'lgan summa. 2.20. Operator komissiyasi — Platforma xizmatlari uchun Operatorga tegishli servis haqi. 2.21. Muhim shartlar — ish yoki xizmatning mazmuni, qiymati, muddatlari, narxlash usuli, qabul qilish mezoni, zarur xavfsizlik shartlari, jamoa tarkibi va taraflar Buyurtma Bitimi uchun muhim deb belgilagan boshqa shartlar.
3-BOB. PLATFORMANING HUQUQIY MAQOMI VA TARAFLAR MUNOSABATLARINING TABIATI
3.1. Operator Buyurtmachi va Ijrochi o'rtasidagi Buyurtma Bitimining bevosita tarafi, ish beruvchisi, xodimi, pudratchisi, kafili yoki ish natijasini qabul qiluvchi shaxs emas. 3.2. Buyurtma Bitimi faqat Buyurtmachi va Ijrochi o'rtasida tuziladi. Operatorning Platformani yuritishi, elektron hujjat yaratishi, to'lov oqimini texnik tashkil etishi yoki komissionerlik funksiyasini bajarishi Operatorni ish yoki xizmat natijasi bo'yicha asosiy majburiyatli tarafga aylantirmaydi. 3.3. Buyurtma Bitimida ishning boshlanish va tugash vaqti, bajarish muddati, xavfsizlik qoidalari, ish natijasiga qo'yiladigan talablar yoki boshqa tashkiliy shartlarning belgilanishi o'z-o'zidan mehnat munosabatlari, doimiy ish joyi, ichki mehnat tartibi yoki Buyurtmachining Ijrochi ustidan ish beruvchi sifatidagi nazorati mavjudligini anglatmaydi. Ijrochi Buyurtmani bajarish usuli va vaqtini Buyurtma Bitimi hamda qonunchilik talablariga rioya qilgan holda mustaqil belgilaydi. Buyurtmachi Ijrochiga nisbatan ish beruvchiga xos intizomiy choralarni qo'llashga, doimiy ma'muriy nazoratni amalga oshirishga yoki mehnat munosabatlariga xos bo'lgan ichki mehnat tartibiga bo'ysundirishga haqli emas. Biroq taraflar o'rtasidagi munosabatlarning haqiqiy mazmuni va amaldagi bajarilish tartibi qonunchilikka muvofiq baholanadi. 3.4. Ijrochi Buyurtmani mustaqil ravishda, o'z malakasi, mavjud vaqti, qonuniy maqomi hamda xavfsizlik talablarini hisobga olgan holda bajaradi. Buyurtmachi Ijrochining doimiy ish beruvchisi, Ijrochi esa Buyurtmachining xodimi hisoblanmaydi. 3.5. Ijrochi tomonidan ko'rsatiladigan xizmatni hisob-kitob va fiskallashtirishda komissionerlik modeli qonunchilik hamda texnik integratsiya imkon bergan hollarda qo'llanilishi mumkin. Bunday holatda Ijrochi Operatorni Platformada ko'rsatilgan alohida elektron tasdiqlash orqali cheklangan doirada Komissioner sifatida belgilaydi. 3.6. Paylov Operatorning hisob-kitob hamkori bo'lib, Ijrochi uchun Komissioner, Buyurtma Bitimining tarafi yoki Ijrochi ishining kafili hisoblanmaydi. 3.7. Operatorning reyting, profil, ko'nikma, tasdiqlash belgisi yoki boshqa ma'lumotni ko'rsatishi Ijrochining ish sifati, Buyurtmachining to'lov qobiliyati yoki Buyurtma muvaffaqiyatli yakunlanishini kafolatlamaydi.
4-BOB. RO'YXATDAN O'TISH, IDENTIFIKATSIYA, AKKAUNT VA FOYDALANISH REJIMLARI
4.1. Platformada bitta Foydalanuvchi uchun bitta universal akkaunt yaratiladi. U Buyurtmachi va Ijrochi rejimlaridan, mazkur Ofertada belgilangan talablarga rioya etgan holda, foydalanishi mumkin. 4.2. Telefon raqamiga yuborilgan OTP faqat mazkur raqamdan foydalanish imkoniyatini tasdiqlaydi. U Ofertani, Buyurtma Bitimini, Elektron AKTni yoki boshqa hujjatni qabul qilish o'rniga o'tmaydi. 4.3. MyID Foydalanuvchini identifikatsiya qilish uchun qo'llaniladi. MyID orqali identifikatsiya o'tkazilgani Foydalanuvchi tomonidan biror hujjat imzolanganini anglatmaydi. 4.4. Buyurtmachi rejimi telefon raqami tasdiqlanib, Profilning zarur ma'lumotlari to'ldirilganidan va Ofertaning 5-bobdagi tartibda akseptlangandan so'ng faollashtiriladi. 4.5. Ijrochi rejimi qo'shimcha ravishda shaxs identifikatsiyasi, tegishli faoliyat turi, to'lov vositasi va qonunchilikda yoki Platforma funksiyasida talab etiladigan boshqa ma'lumotlar tasdiqlanganidan so'ng faollashtiriladi. 4.6. Ijrochi o'zini o'zi band qilgan shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomiga, yoxud mazkur faoliyat uchun qonunchilikda ruxsat etilgan boshqa maqomga ega bo'lishi va uni saqlashi uchun mustaqil javobgar bo'ladi. Operator bunday maqomni tasdiqlovchi ma'lumot yoki qo'shimcha hujjatni so'rashi mumkin. 4.7. Foydalanuvchi bir rejimdan ikkinchi rejimga o'tganda, yangi rejimga oid qoidalar u shu rejimni faollashtirgan paytdan qo'llaniladi. Ofertaning amaldagi tahriri ilgari qabul qilingan bo'lsa, ayni matnni qayta akseptlash talab qilinmaydi. 4.8. Foydalanuvchi telefon raqami, qurilmasi, akkaunti va OTPga kirish imkoniyatining xavfsizligi uchun javobgar. OTPni, parolni yoki akkauntga kirish ma'lumotlarini uchinchi shaxsga berish taqiqlanadi. 4.9. Foydalanuvchi ro'yxatdan o'tishdagi ma'lumotlari o'zgargan, yo'qolgan yoki buzilgan bo'lsa, bu haqda Platformadagi qo'llab-quvvatlash xizmati orqali zudlik bilan xabar beradi. 4.10. Operator soxta, takroriy, boshqa shaxs nomiga ochilgan yoki xavfsizlik xavfi tug'diruvchi akkauntni tekshirish, cheklash yoki yopish huquqiga ega.
5-BOB. OFERTANI AKSEPTLASH VA ELEKTRON TASDIQLASH TARTIBI
5.1. Oferta Foydalanuvchi uning to'liq matni, tahriri, Oferta IDsi va qabul qilish oqibati bilan tanishganidan keyin akseptlanadi. 5.2. Ofertaning yagona haqiqiy aksepti Foydalanuvchi uchun mazkur hujjat bo'yicha yuborilgan DOC-OFFER/OFFER_ACCEPT turidagi OTPni kiritishi va Platforma ushbu tasdiqni qabul qilishi orqali amalga oshiriladi. 5.3. Aksept vaqtida Platforma kamida quyidagilarni Audit izida qayd etadi: Foydalanuvchi IDsi, Oferta IDsi va tahriri, hujjatning nazorat identifikatori, tasdiqlash vaqti, OTP yuborilgan hamda kiritilgan holat, tegishli telefon raqami va mavjud texnik qaydlar. 5.4. Telefon raqamining dastlabki OTP bilan tasdiqlanishi, MyIDdan o'tish, Buyurtma joylashtirish yoki Platformaga kirishning o'zi Ofertaning aksepti hisoblanmaydi. 5.5. Foydalanuvchi aksept vaqtida Ofertani o'qiganini, mazmunini tushunganini va uning shartlariga roziligini tasdiqlaydi. Aksept Platforma tomonidan qabul qilingan paytdan kuchga kiradi. 5.6. Quyidagi hujjatlar yoki harakatlar alohida, hujjatga bog'langan elektron tasdiqlashni talab qiladi: shaxsga doir ma'lumotlarga ishlov berishga rozilik; Oferta; Buyurtma Bitimi va uning muhim o'zgarishi; Elektron AKT; qaytarish yoki yakuniy hisob-kitob haqidagi kelishuv; referal dasturiga qo'shilish; qonunchilik yoki Platforma aniq talab qilgan boshqa hujjat. 5.7. Elektron hujjat uchun qonunchilikda qo'l imzosi yoki elektron raqamli imzo majburiy belgilangan bo'lsa, Operator tegishli qonuniy tasdiqlash usulini, jumladan elektron raqamli imzoni talab qilishga haqli. 5.8. Akseptlangan Oferta, Buyurtma Bitimi, Elektron AKT va boshqa elektron hujjatlarning nusxasi Foydalanuvchiga Platformada yoki uning rasmiy aloqa kanalida mavjud qilinadi. 5.9. Aloqa operatori, Foydalanuvchining qurilmasi yoki internet uzilishi sababli OTP olinmagan yoxud kiritilmagan bo'lsa, tasdiqlash amalga oshirilmagan deb hisoblanadi.
6-BOB. FOYDALANUVCHINING HUQUQLARI VA MAJBURIYATLARI
6.1. Foydalanuvchi Platformadan qonuniy maqsadda, to'g'ri va dolzarb ma'lumotlar asosida foydalanishi shart. 6.2. Buyurtmachi Buyurtmada ishning mazmuni, taxminiy yoki aniq hajmi, narxlash usuli, muddat, umumiy hudud, xavfsizlik uchun muhim shartlar, materiallar va boshqa zarur ma'lumotlarni haqiqatga mos ko'rsatadi. 6.3. Ijrochi Taklif yuborishdan va Buyurtma Bitimini tasdiqlashdan oldin o'z malakasi, sog'lig'i, mavjud vaqti, qonuniy maqomi, uskunalari hamda Buyurtmani xavfsiz bajarish imkoniyatini mustaqil baholaydi. 6.4. Taraflar bir-birining sha'ni, qadr-qimmati, shaxsiy hayoti, mulki va qonuniy manfaatlarini hurmat qilishi, haqorat, kamsitish, tahdid, majburlash yoki chalg'ituvchi harakatlarga yo'l qo'ymasligi shart. 6.5. Foydalanuvchi Buyurtma yoki Taklif orqali ishga aloqasi bo'lmagan shaxsga doir ma'lumotlarni, noqonuniy reklama, telefon raqami, tashqi messenjer havolasi, aniq manzil yoki Platformadan tashqari hisob-kitobga undovchi ma'lumotni joylashtirmaydi. 6.6. Buyurtmachi xavfsiz ish joyini, qonuniy kirish imkonini va Bitimda o'z zimmasiga olgan material yoki tashkiliy shartlarni ta'minlaydi. Ijrochi belgilangan xavfsizlik talablariga amal qiladi. 6.7. Har bir Foydalanuvchi o'zi taqdim etgan ma'lumot, jo'natgan xabar, qilgan elektron tasdiq, o'z zimmasiga olgan majburiyat va o'z harakati oqibatlari uchun mustaqil javobgar. 6.8. Foydalanuvchi boshqa taraf bilan nizoni, imkon qadar, Platforma orqali yoki qonuniy yo'l bilan hal qiladi hamda nizo davomida dalilni soxtalashtirish, o'chirish yoki yashirishga urinmaydi.
7-BOB. OPERATORNING HUQUQLARI, MAJBURIYATLARI VA PLATFORMA XIZMATLARI
7.1. Operator Platformaning ishlashi, Buyurtma va Takliflarni texnik joylashtirish, elektron hujjatlarni shakllantirish, Audit izini yuritish, qo'llab-quvvatlash hamda qonuniy to'lov hamkorlari bilan integratsiyani ta'minlaydi. 7.2. Operator Platforma xavfsizligi, ma'lumotlarning maxfiyligi va texnik barqarorligini ta'minlash uchun oqilona tashkiliy hamda texnik choralarni ko'radi. 7.3. Operator Buyurtma joylashtirilishi, Taklif kelishi, Ijrochi tanlanishi, ishning o'z vaqtida yoki sifatli bajarilishi, to'lov hamkorining uzluksiz ishlashi yoxud nizo muayyan natija bilan hal bo'lishini kafolatlamaydi. 7.4. Operator qonunchilik, ushbu Oferta yoki Platforma xavfsizligi talablariga mos kelmaydigan Buyurtma, Taklif, profil, xabar, ilova yoki boshqa kontentni tekshirish, yashirish, o'chirish, tahrirlashni so'rash yoki cheklashga haqli. 7.5. Operator Foydalanuvchi huquqlariga ta'sir qiluvchi muhim cheklov yuzasidan, imkon qadar, uning sababi va davomiyligi haqida Platforma orqali xabar beradi. Firibgarlik, xavfsizlik yoki qonuniy talab bo'lsa, cheklov oldindan xabar berilmasdan qo'llanishi mumkin. 7.6. Operator Foydalanuvchidan ma'lumotni aniqlashtirish, qo'shimcha tasdiq yoki xavfsizlik tekshiruvini o'tashni so'rashi mumkin. Bunday so'rov bajarilmaguniga qadar tegishli funksiya cheklanishi mumkin. 7.7. Operator Foydalanuvchining Buyurtma Bitimi bo'yicha taraflardan biriga aylanmasdan, texnik xabar almashinuvi, dalillarni yig'ish, murosaga yo'naltirish va to'lov holatini qayd etishda ko'maklashishi mumkin.
8-BOB. PLATFORMA QOIDALARI, TAQIQLANGAN HARAKATLAR VA AKKAUNT CHEKLOVLARI
8.1. Platformada quyidagilar taqiqlanadi: ● qonunga xilof, xavfli, firibgarlikka oid, axloq normalariga zid yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi Buyurtma va Takliflar; ● majburiy mehnat, voyaga yetmaganlarni qonunga xilof ishga jalb qilish, kamsitish, zo'ravonlik, tahdid yoki jinsiy ekspluatatsiya alomatlariga ega harakatlar; ● soxta profil, soxta reyting, yolg'on ma'lumot, boshqa shaxs nomidan harakat qilish yoki bir shaxsning bir nechta yashirin akkaunt yaratishi; ● Platformani chetlab o'tish, yashirin tashqi hisob-kitob, komissiyani chetlab o'tish yoki boshqa tarafni bunga undash; ● zararli dastur, tizimga ruxsatsiz kirish, ma'lumotlarni noqonuniy yig'ish, o'zgartirish yoki tarqatish; ● boshqa shaxsning JSHSHIRi, pasport ma'lumoti, kartasi, telefon raqami yoki aniq manzilini qonuniy asossiz kiritish yoki oshkor qilish. 8.2. Buyurtma tavsifi, foto, chat yoki ilovada aloqa ma'lumoti, ijtimoiy tarmoq manzili, tashqi to'lov rekviziti yoki Platformadan tashqarida bitim tuzishga undovchi ma'lumotni berish taqiqlanadi. Zarur aloqa ma'lumotlari Platforma tomonidan belgilangan bosqichda ochiladi. 8.3. Foydalanuvchi Platformadan faqat mo'ljallangan funksiyalar doirasida foydalanadi va boshqa Foydalanuvchining akkaunti, to'lov vositasi, ma'lumoti yoki Buyurtmasiga ruxsatsiz aralashmaydi. 8.4. Referal dasturi, bonus dasturlari, aksiyalar va boshqa rag'batlantirish dasturlari Platformada Operator tomonidan belgilangan tartibda tashkil etiladi. Ularning amaldagi shartlari, ishtirok etish tartibi, mukofot miqdori, to'lash shartlari, cheklovlari hamda amal qilish muddati Platformaning tegishli bo'limlarida yoki alohida qoidalarda e'lon qilinadi. Foydalanuvchi bunday dasturlarda ishtirok etish orqali ularning amaldagi shartlariga rozilik bildiradi. 8.5. Qoidabuzarlik yuzasidan Operator ogohlantirish, kontentni o'chirish, Buyurtmani to'xtatish, funksiyani vaqtincha cheklash, akkauntni muzlatish yoki yopish kabi mutanosib choralarni qo'llashi mumkin. 8.6. Operatorning cheklovi sud qarori, Foydalanuvchining aybi isbotlanganligi haqidagi yakuniy xulosa yoki Buyurtma Bitimi bo'yicha yakuniy qaror hisoblanmaydi.
9-BOB. ELEKTRON HUJJATLAR, XABARNOMALAR VA AUDIT IZI
9.1. Platformada shakllantirilgan Buyurtma, Taklif, Buyurtma Bitimi, Elektron AKT, to'lov holati, qaytarish bo'yicha kelishuv, xabar va elektron tasdiq elektron hujjat yoki elektron xabar sifatida rasmiylashtirilishi mumkin. 9.2. Taraflar Platformada belgilangan elektron tasdiqlash usullari, jumladan hujjatga bog'langan OTP, qonunchilik yo'l qo'ygan doirada shaxsning roziligini ifodalashini va uni identifikatsiya hamda autentifikatsiya qilishga xizmat qilishini e'tirof etadilar. 9.3. Audit izida, zaruratga qarab, Foydalanuvchi IDsi, hujjat turi va versiyasi, harakat vaqti, Buyurtma IDsi, elektron tasdiq holati, to'lov tranzaksiya IDsi, qurilma yoki tarmoqning texnik identifikatorlari hamda tizim xabarlari saqlanishi mumkin. 9.4. Platforma tizimining O'zbekiston vaqti bo'yicha qayd etgan vaqti, agar ishonchli qarama-qarshi dalil bo'lmasa, elektron harakat vaqti sifatida qabul qilinadi. 9.5. Elektron hujjat yoki xabar faqat axborot tizimi orqali yaratilgani sababli haqiqiy emas deb hisoblanmaydi. Ular nizoda qonunchilikka muvofiq dalil sifatida taqdim etilishi mumkin. 9.6. Push-bildirishnoma, ilova ichidagi bildirishnoma, SMS va rasmiy elektron pochta Platformaning rasmiy xabarnoma kanali bo'lishi mumkin. Muhim hujjat uchun xabar yuborilgani uning o'rniga aksept berilganini anglatmaydi. 9.7. Foydalanuvchi o'z akkauntidagi elektron hujjatlar bilan tanishib borishi, ularni saqlashi va kerak bo'lsa yuklab olishi mumkin.
10-BOB. SHAXSGA DOIR MA'LUMOTLAR, MAXFIYLIK VA AXBOROT XAVFSIZLIGI
10.1. Operator Foydalanuvchining shaxsga doir ma'lumotlariga qonuniy asosda, aniq maqsadlarda va zarur hajmda ishlov beradi. 10.2. Ishlov berilishi mumkin bo'lgan ma'lumotlarga Foydalanuvchining identifikatsion va aloqa ma'lumotlari, MyIDdan olingan tasdiqlash natijasi va ruxsat etilgan ma'lumotlar, profil hamda kasbiy ma'lumotlar, Buyurtma va Takliflar, to'lovning cheklangan rekvizitlari va holati, geo-ma'lumot, foto-video-hujjatlar, chatlar hamda texnik loglar kirishi mumkin. 10.3. To'lov kartasining to'liq ma'lumotlari, agar ular to'lov hamkori tomonidan bevosita qayta ishlansa, Operator tomonidan qabul qilinmaydi va saqlanmaydi. Operatorga faqat maskalangan rekvizit, token, holat yoki tranzaksiya identifikatori kelishi mumkin. 10.4. Ma'lumotlar akkaunt yuritish, identifikatsiya, Buyurtma va Buyurtma Bitimini shakllantirish, hisob-kitob, fiskallashtirish, xavfsizlik, firibgarlikning oldini olish, nizolarni ko'rib chiqish, qonuniy majburiyatlar, qo'llab-quvvatlash hamda egasizlantirilgan tahlil uchun ishlatiladi. 10.5. Buyurtmachi va Ijrochining telefon raqami, aniq manzili, to'lov rekviziti va boshqa himoyalangan ma'lumotlari faqat Buyurtma Bitimi tuzilib, to'lov tasdiqlanib, ushbu ma'lumot Buyurtmani bajarish uchun zarur bo'lganda yoki qonunda boshqacha talab mavjud bo'lsa ochiladi. 10.6. Ma'lumotlar MyID yoki boshqa identifikatsiya provayderi, Paylov va boshqa qonuniy to'lov hamkori, hosting yoki texnik xizmat ko'rsatuvchi, fiskallashtirish bo'yicha vakolatli ishtirokchi, shuningdek qonunchilikda vakolat berilgan davlat organlariga maqsad va zaruriyat doirasida berilishi mumkin. 10.7. Foydalanuvchi boshqa shaxsning ma'lumotini Platformaga faqat qonuniy asos bo'lsa kiritishi mumkin. Jamoaga taklif faqat Instant Secure Hassle-free Orders Network IDsi yoki Platformaning ichki ruxsat etilgan mexanizmi orqali yuboriladi. 10.8. Operator ma'lumotlarni ruxsatsiz kirish, yo'qotish, o'zgartirish yoki tarqatishdan himoya qilish uchun oqilona tashkiliy va texnik choralarni ko'radi. Bu choralar Foydalanuvchining qurilmasi, aloqa operatori, bank, Paylov yoki boshqa mustaqil uchinchi shaxsning aybi oqibatini to'liq bartaraf etishini anglatmaydi. 10.9. Foydalanuvchi o'z ma'lumotlari haqida axborot olish, ularni aniqlashtirish, qonuniy asos mavjud bo'lsa bloklash yoki yo'q qilishni so'rash, shuningdek bergan roziligini qaytarib olish huquqiga ega. 10.10. Rozilikni qaytarib olish undan oldin qonuniy asosda amalga oshirilgan ishlov berishni haqiqiy emas qilmaydi va Operatorning Buyurtma Bitimi, to'lov, fiskal, buxgalteriya, nizo yoki qonunchilikdan kelib chiqadigan saqlash majburiyatini bekor qilmaydi. 10.11. Shaxsga doir ma'lumotlarga ishlov berishga doir alohida rozilik faqat shu maqsadga bag'ishlangan elektron tasdiqlash orqali olinadi. Foydalanuvchi rozilikni bermasa yoki qaytarib olsa, Platformaning tegishli funksiyalaridan foydalanishi imkonsiz bo'lishi mumkin. 10.12. Shaxsga doir ma'lumotlar O'zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan talablar asosida yig'iladi, ularga ishlov beriladi, saqlanadi va himoya qilinadi. Operator shaxsga doir ma'lumotlarni saqlash hamda ularga ishlov berishda ma'lumotlarning joylashuvi (lokalizatsiyasi), saqlash muddati, axborot xavfsizligi va boshqa majburiy talablar to'g'risidagi amaldagi qonunchilikka rioya qiladi.
11-BOB. BUYURTMANI JOYLASHTIRISH, TAKLIFLAR VA BUYURTMA BITIMINI TUZISH
11.1. Buyurtmaning Platformada e'lon qilinishi Ijrochilarni Taklif yuborishga chaqirish hisoblanadi; u o'z-o'zidan Buyurtma Bitimi tuzilganini, ish qabul qilinganini yoki to'lov majburiyati yuzaga kelganini anglatmaydi. 11.2. Buyurtmada, imkon qadar, ish yoki xizmat turi, mazmuni, natijasi, faoliyat yo'nalishi, hajmi, muddat yoki taxminiy davomiylik, individual yoki jamoaviy bajarish talabi, narxlash usuli, umumiy hudud, xavfsizlik sharti, material, transport, ovqatlanish va zarur ilovalar ko'rsatiladi. 11.3. Buyurtma kunlik, soatbay, hajm bo'yicha yoki taraflar kelishgan boshqa qonuniy narxlash usulida joylashtirilishi mumkin. 11.4. Kunlik yoki soatbay Buyurtmada boshlanish va tugash vaqti, tanaffus, transport yoki ovqatlanish sharti Buyurtmani tushunish hamda bajarishni rejalashtirishga xizmat qiladi. Ular o'z-o'zidan doimiy mehnat jadvali yoki mehnat munosabatini vujudga keltirmaydi. 11.5. Ijrochi Taklifida Buyurtma shartlariga roziligini, taklif qilayotgan narxini yoki narxga roziligini, mumkin bo'lgan boshlash va bajarish muddatini hamda zarur izohlarini bildirishi mumkin. 11.6. Buyurtmachi Takliflarni narx, reyting, tajriba, muddat, jamoa tarkibi va Buyurtma uchun ahamiyatli boshqa qonuniy mezonlar asosida tanlaydi. Operatorning ko'rsatgan reytingi yoki tasdiqlash belgisi kafolat emas. 11.7. Buyurtmachi Ijrochini tanlagach, Platforma muhim shartlarni yakuniy ko'rib chiqish uchun shakllantiradi. Buyurtma Bitimi faqat Buyurtmachi va Ijrochi ushbu shartlarni alohida, Buyurtmaga bog'langan elektron tasdiqlash orqali tasdiqlaganidan so'ng tuzilgan hisoblanadi. 11.8. Buyurtma Bitimi kamida Buyurtma IDsi, taraflar, ish yoki xizmat mazmuni, narx, Operator komissiyasi, Paylov xizmat haqi bo'lsa uning ko'rinishi, muddat, qabul qilish mezoni, tartib, jamoaviy bo'lsa tarkib va ulushlar, shuningdek muhim maxsus shartlarni aks ettiradi. 11.9. Buyurtma Bitimi tuzilguniga qadar Buyurtmachi Buyurtmani tahrirlashi yoki bekor qilishi mumkin. Narx, hajm, muddat, joy yoki xavfsizlik sharti sezilarli o'zgarsa, avvalgi Takliflar qayta tasdiqlanishi yoki bekor qilinishi mumkin. 11.10. Buyurtma Bitimi tuzilgach, uning muhim shartlari faqat har ikki tarafning Platformadagi alohida elektron tasdig'i bilan o'zgartiriladi.
12-BOB. JAMOAVIY BUYURTMA VA BRIGADIR
12.1. Jamoani faqat Platformada Ijrochi rejimi faollashtirilgan Foydalanuvchi yaratishi mumkin. Jamoani yaratgan Ijrochi Brigadir hisoblanadi. 12.2. Brigadir jamoa nomini va yo'nalishini belgilashi, a'zolarni taklif qilishi, Jamoaviy Buyurtma uchun nomzodlarni tanlashi hamda tashkiliy muvofiqlashtirishni amalga oshirishi mumkin. 12.3. Brigadirning maqomi unga boshqa a'zolar nomidan Buyurtma Bitimini tuzish, Elektron AKTni tasdiqlash, ularning pulini qabul qilish, taqsimlash, ushlab qolish yoki shaxsga doir ma'lumotlaridan mustaqil foydalanish huquqini bermaydi. 12.4. Brigadir Komissioner emas va Jamoaviy Buyurtma qiymatidan avtomatik komissiya, ustama yoki boshqa moliyaviy afzallik olmaydi. U amalda qatnashgan bo'lsa, boshqa tasdiqlangan a'zolar bilan teng asosda Ijro ulushini oladi. 12.5. Jamoaga taklif faqat Platformada ro'yxatdan o'tgan Ijrochiga uning Instant Secure Hassle-free Orders Network IDsi yoki Platformadagi ruxsat etilgan ichki mexanizm orqali yuboriladi. Taklif qilingan shaxs uni mustaqil qabul qilgandan keyin a'zo bo'ladi. 12.6. Jamoaning mavjudligi uning a'zolari barcha Jamoaviy Buyurtmalarda avtomatik qatnashishini anglatmaydi. Har bir Buyurtmada ishtirok, muhim shartlar va ulush har bir a'zo tomonidan alohida tasdiqlanadi. 12.7. Brigadirning Jamoaviy Buyurtma bo'yicha Taklifi jamoa a'zolarining yakuniy roziligi o'rniga o'tmaydi. Buyurtmachi Taklifni tanlagach, Platforma tanlangan har bir a'zoga Buyurtmaning muhim shartlarini yuboradi. 12.8. Zarur son va tarkibdagi a'zolar Buyurtmada ishtirokini tasdiqlamasa, Jamoaviy Buyurtma bajarish holatiga o'tmaydi. Tarkib o'zgarsa va u Buyurtmachi uchun muhim bo'lsa, yangilangan tarkib Buyurtmachi tomonidan qayta tasdiqlanadi. 12.9. Jamoaviy Buyurtmaning Ijro qiymati, agar Buyurtma Bitimida boshqacha qonuniy tartib aniq belgilanmagan bo'lsa, tasdiqlangan va amalda qatnashgan a'zolar o'rtasida teng ulushlarda taqsimlanadi. 12.10. Har bir a'zoning ulushi Paylov orqali uning o'ziga tegishli to'lov vositasiga o'tkaziladi. Brigadir boshqa a'zolarning ulushini o'z kartasi, hisobi yoki hamyoniga qabul qila olmaydi. 12.11. Jamoaviy Buyurtma bo'yicha aniq manzil va zarur aloqa ma'lumotlari faqat Bitimda ishtiroki tasdiqlangan Brigadir hamda a'zolarga, to'lov tasdiqlanib, Buyurtma bajarishga ruxsat berilgandan keyin ochiladi. 12.12. A'zoni Jamoaga qabul qilish yoki undan chiqarish avval tasdiqlangan Buyurtma Bitimi, Elektron AKT, to'lov yoki nizo bo'yicha huquq va majburiyatlarni bir tomonlama bekor qilmaydi.
13-BOB. BAJARISH, QABUL QILISH, ELEKTRON AKT VA INTELLEKTUAL MULK
13.1. Ijrochi Buyurtma Bitimi tuzilib, Buyurtmachi to'lovi Platformada tasdiqlanganidan keyin Buyurtmani bajarishga kirishadi, agar Buyurtma Bitimida boshqa qonuniy tartib ko'rsatilmagan bo'lsa. 13.2. Buyurtmachi Buyurtmada va Bitimda ko'rsatilgan xavfsiz sharoit, qonuniy kirish, material, uskunaga kirish yoki o'z zimmasiga olgan boshqa tashkiliy shartlarni ta'minlaydi. 13.3. Ijrochi Buyurtmani kelishilgan sifat, muddat, xavfsizlik va natija talablariga muvofiq bajaradi. U Buyurtma bajarilishi uchun zarur bo'lgan ruxsat, malaka yoki maxsus vosita talab qilinishini mustaqil tekshiradi. 13.4. Ijrochi ish yoki xizmat yakunlanganda Platforma orqali bajarilganlik haqida xabar yuboradi. Buyurtmachi natijani ko'rib chiqib, uni qabul qilishi, asoslantirilgan e'tiroz bildirish yoki tuzatish talabini yuborishi mumkin. 13.5. Elektron AKT to'liq yoki qisman bajarilgan ishning tavsifi, qabul qilingan natija, e'tiroz bo'lsa uning mazmuni, qabul qilinadigan yoki qaytariladigan summa, sana va tegishli Buyurtma IDsi bilan shakllantiriladi. 13.6. Elektron AKTning qabul qilinishi yoki qisman hisob-kitobga asos bo'lishi uchun Buyurtmachi va Ijrochi uning mazmunini ko'rib, hujjatga bog'langan alohida elektron tasdiqlashni bajaradi. Jamoaviy Buyurtmada tegishli ulushni oluvchi har bir a'zo bo'yicha elektron qayd saqlanadi. 13.7. Ijrochi tomonidan Elektron AKT yuborilgandan so'ng Platforma Buyurtmachiga Elektron AKTni ko'rib chiqish va tasdiqlash yoki asoslantirilgan e'tiroz bildirish zarurligi haqida Platforma, push-bildirishnoma, SMS, elektron pochta yoki boshqa rasmiy aloqa kanallari orqali bir yoki bir necha marotaba xabarnoma yuborishi mumkin. Bunday xabarnomaning yuborilishi yoki yuborilmasligi Foydalanuvchining ushbu Oferta va Buyurtma Bitimidan kelib chiqadigan huquq hamda majburiyatlarini o'zgartirmaydi. 13.8. Agar Buyurtmachi Elektron AKT yuborilgan paytdan boshlab 72 (yetmish ikki) soat ichida Elektron AKTni tasdiqlamasa, asoslantirilgan e'tiroz bildirmasa yoki Platformada nizo ochmasa, Elektron AKT tasdiqlangan deb hisoblanmaydi. Bunday holatda Platforma Buyurtma Bitimi, Audit izi va boshqa elektron ma'lumotlar asosida mablag'ni avtomatik hisob-kitob qilishga haqli. Elektron AKT holati "Akt tasdiqlanmagan, mablag' avtomatik hisob-kitob uchun chiqarilgan" deb qayd etiladi. 13.9. Agar Buyurtmachi 72 (yetmish ikki) soat ichida Platformada nizo ochsa yoki asoslantirilgan e'tiroz bildirsa, avtomatik hisob-kitob amalga oshirilmaydi hamda mablag' ushbu Ofertaning 17-bobida belgilangan tartibda nizo ko'rib chiqilgunga qadar ushlab turiladi. 13.10. Ish qisman bajarilgan, to'xtatilgan yoki tarkib o'zgargan bo'lsa, qabul qilingan qism va unga tegishli summa alohida Elektron AKT yoki qaytarish-hisob-kitob kelishuvida belgilanadi. 13.11. Ijrochi Buyurtma doirasida yaratgan matn, dizayn, dasturiy kod, foto, video, chizma yoki boshqa intellektual faoliyat natijasiga doir qonun ruxsat etgan mulkiy huquqlar, agar Buyurtma Bitimida boshqacha qoida bo'lmasa, Buyurtmachi to'liq to'lovni amalga oshirgandan so'ng Buyurtmachiga o'tadi. 13.12. Ijrochining Buyurtmadan avval yaratgan materiallari, umumiy kutubxonalari, shablonlari, usullari va uchinchi shaxs huquqlari saqlanib qoladi. Bunday material Buyurtma natijasidan foydalanish uchun zarur bo'lsa, Buyurtma Bitimida boshqacha ko'rsatilmagan taqdirda Buyurtmachiga foydalanish uchun zarur minimal noeksklyuziv huquq beriladi. 13.13. Ijrochi Buyurtmachiga topshirilgan ish yoki xizmat natijasi uchinchi shaxslarning intellektual mulk huquqlari yoki boshqa qonun bilan qo'riqlanadigan huquqlarini buzmasligini kafolatlaydi. Agar bunday huquqlar buzilganligi to'g'risida da'vo, talab yoki cheklov yuzaga kelsa, Ijrochi bu haqda Buyurtmachini va Operatorni zudlik bilan xabardor qilishi hamda o'z aybi bilan bog'liq oqibatlar uchun qonunchilik va Buyurtma Bitimiga muvofiq javobgar bo'ladi.
14-BOB. HISOB-KITOBLAR, KOMISSIYA VA FISKALLASHTIRISH
14.1. Barcha pul summalari, agar Platformada boshqa qonuniy valyuta aniq ko'rsatilmagan bo'lsa, O'zbekiston so'mida ifodalanadi. To'lovdan oldin Buyurtmachiga to'lanadigan umumiy summa ko'rsatiladi. 14.2. Platformaning standart hisob-kitob modelida Buyurtmachining Buyurtma bo'yicha to'laydigan umumiy summasining 94 foizi Ijro qiymati, 6 foizi Operatorning Platforma servis komissiyasi hisoblanadi. Jamoaviy Buyurtmada Ijro qiymati 12-bobda belgilangan tartibda taqsimlanadi. 14.3. Platforma yakuniy to'lovdan oldin Buyurtmachiga kamida umumiy summa, Ijrochiga tegishli Ijro qiymati, Operator komissiyasi va mavjud bo'lsa Paylovning alohida xizmat haqlarini ko'rsatadi. Ekranda aniq ko'rsatilgan hisob-kitob mazkur Buyurtma uchun ustuvor hisoblanadi. 14.4. Paylovning Buyurtmachi mablag'ini qabul qilishdagi hamda Ijrochi mablag'ini chiqarishdagi xizmat haqi har bir tegishli kirim yoki chiqim operatsiyasi oldidan alohida ko'rsatiladi. Foydalanuvchi faqat mazkur operatsiyani tasdiqlaganida shu aniq ko'rsatilgan xizmat haqiga rozilik bildiradi; Ofertani akseptlash kelajakdagi noma'lum Paylov xizmat haqlariga umumiy rozilikni anglatmaydi. 14.5. To'lovni qabul qilish, qayta ishlash, kartadan yechish, mablag' o'tkazish va tranzaksiya holatini qayd etish Paylov hamda boshqa qonuniy to'lov infratuzilmasi orqali amalga oshiriladi. Operator to'lov tashkiloti yoki bank sifatida faoliyat yuritmaydi. 14.6. Buyurtma Bitimi tuzilganidan keyin Buyurtmachi Platforma ko'rsatgan to'lov usuli orqali to'lovni amalga oshiradi. To'lov holati Paylovdan yoki boshqa qonuniy to'lov hamkoridan olingan tasdiq asosida Platformada qayd etiladi. 14.7. To'liq yoki qisman hisob-kitob Elektron AKT, qaytarish-hisob-kitob kelishuvi, qonuniy kuchga kirgan hujjat yoki taraflarning Platformadagi boshqa aniq tasdiqi asosida amalga oshiriladi. 14.8. Fiskal chek, fiskallashtirish, komissionerlikdagi hujjatlar va soliqka oid qaydlar qonunchilik, to'lov hamkorining texnik imkoniyati hamda Ijrochining qonuniy maqomiga muvofiq shakllantiriladi. 14.9. Ijrochi o'zining soliq maqomi, faoliyatining qonuniyligi, soliq va boshqa majburiy to'lovlar bo'yicha qonunchilikda o'z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarish uchun mustaqil javobgar hisoblanadi. Operator va (yoki) Paylov tomonidan hisob-kitoblarni texnik tashkil etish, komissionerlik, fiskallashtirish, soliq hisobotlarini shakllantirish yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa texnik va tashkiliy funksiyalarning bajarilishi, agar qonunchilikda yoki tegishli shartnomalarda boshqacha nazarda tutilmagan bo'lsa, Ijrochining qonuniy majburiyatlarini Operator yoki Paylov zimmasiga o'tganligini anglatmaydi. Qonunchilik ayrim majburiyatlarni Operator, Paylov yoki boshqa vakolatli shaxs zimmasiga yuklagan hollarda, bunday majburiyatlar qonunchilikda belgilangan hajm va tartibda bajariladi. 14.10. To'lovdagi texnik xato, ikki marta yechish, noto'g'ri rekvizit yoki ruxsatsiz tranzaksiya alomati aniqlansa, Foydalanuvchi darhol Paylovning hamda Platformaning qo'llab-quvvatlash kanali orqali murojaat qiladi. Bank yoki to'lov hamkori tomonidan tekshiruv talab etilsa, masala ularning tartibi asosida ko'rib chiqiladi. 14.11. Operator komissiyasi o'zgartirilsa, bu 1.7-bandda belgilangan tartibda e'lon qilinadi va yangi tahrir kuchga kirganidan keyin tuziladigan Buyurtma Bitimlariga tatbiq etiladi.
15-BOB. BEKOR QILISH, QAYTARISH VA QISMAN BAJARISH
15.1. Buyurtma Bitimi tuzilguniga qadar Buyurtmachi Buyurtmani, Ijrochi esa Taklifni bekor qilishi mumkin. Bunda taraflar o'rtasida Buyurtma Bitimidan kelib chiqadigan hisob-kitob majburiyati yuzaga kelmaydi. 15.2. Buyurtma Bitimi tuzilgan, lekin Buyurtmachi to'lovi tasdiqlanmagan bo'lsa, taraflardan biri Bitimni bekor qilish tashabbusini Platformada bildirib, uni yakuniy elektron qayd bilan rasmiylashtirishi mumkin. 15.3. To'lov tasdiqlangan, biroq Ijrochi ishni boshlamagan bo'lsa, Buyurtmachi bekor qilishni so'rashi mumkin. Ijrochi rozi bo'lsa yoki Buyurtma bajarilmagani aniq qayd etilsa, qaytarish 14-bob hamda Paylovning amaldagi to'lov tartibiga muvofiq rasmiylashtiriladi. 15.4. Ijrochi Buyurtma Bitimini tasdiqlagandan keyin uni bajarishdan asossiz bosh tortmasligi kerak. U ishni boshlay olmasa, Buyurtmachini Platforma orqali zudlik bilan xabardor qiladi. Bu holat qaytarish, reyting yoki Platforma cheklovlari uchun asos bo'lishi mumkin. 15.5. Buyurtma qisman bajarilgan bo'lsa, taraflar qabul qilingan qism, uning qiymati, Ijro ulushi, komissiya va qaytariladigan summa bo'yicha Elektron AKT yoki qaytarish-hisob-kitob kelishuvini tasdiqlaydilar. 15.6. Taraflar kelisha olmasa, Operator 17-bobdagi tartibda dalillarni yig'ishga va muloqotni tashkil etishga ko'maklashadi. Operator bir taraf nomidan ish qiymatini bir tomonlama belgilamaydi va sud yoki arbitr vakolatini amalga oshirmaydi. 15.7. Qaytariladigan summa Buyurtma Bitimi bo'yicha amalda bajarilmagan yoki Buyurtmachi tomonidan qabul qilinmagan ish (xizmat) hajmidan hamda taraflar o'rtasidagi tasdiqlangan hisob-kitob natijalaridan kelib chiqib aniqlanadi. Qaytarish amalga oshirilganda, bank, Paylov yoki boshqa to'lov xizmatlari ko'rsatuvchisi tomonidan undirilgan va amalda qaytarilishi mumkin bo'lmagan xizmat haqlari faqat ular tegishli to'lov amalga oshirilishidan oldin Foydalanuvchiga aniq ko'rsatilgan, Foydalanuvchi tomonidan tasdiqlangan hamda amaldagi qonunchilikka muvofiq bo'lgan taqdirda hisobga olinishi mumkin. Operator ushbu bandda yoki qonunchilikda nazarda tutilmagan boshqa to'lovlar, ushlab qolishlar yoki jarimalarni bir tomonlama qo'llashga haqli emas. 15.8. Operator Buyurtmachi yoki Ijrochining mablag'idan ushbu Ofertada, Buyurtma Bitimida yoki to'lov ekranida ko'rsatilmagan jarima, ushlab qolish yoki boshqa haqni bir tomonlama undirmaydi. 15.9. Qaytarish to'lov amalga oshirilgan usulga yoki Paylovning qonuniy, texnik jihatdan mavjud tartibiga muvofiq amalga oshiriladi. 15.10. Qaytarish to'g'risidagi yakuniy qaror qabul qilinganidan va qaytarish uchun zarur shartlar bajarilganidan so'ng, mablag'lar texnik imkoniyat hamda bank yoki to'lov tashkiloti tartiblarini hisobga olgan holda, imkon qadar tez, odatda 7 ish kunidan kechiktirmay qaytariladi.
16-BOB. SIFAT, KAFOLAT VA NATIJANI QABUL QILISH
16.1. Ijrochi Buyurtma Bitimida kelishilgan natija sifatini, bajarish mezonlarini va o'z zimmasiga olgan kafolatni Buyurtmachi oldida ta'minlaydi. 16.2. Kafolat muddati yoki kafolatning aniq hajmi Buyurtma Bitimida ko'rsatiladi. Agar u ko'rsatilmagan bo'lsa, taraflarning huquq va majburiyatlari qonunchilik va Buyurtma natijasining xususiyatidan kelib chiqib belgilanadi. 16.3. Buyurtmachi qabul qilishda yoki kafolat muddati davomida aniqlangan nuqsonni tavsifi, foto, video, hujjat yoki boshqa mavjud dalil bilan Ijrochiga Platforma orqali bildirishi mumkin. 16.4. Nuqson asosli deb topilsa, taraflar uni bepul tuzatish, qayta bajarish, qabul qilingan narxni kamaytirish, qisman qaytarish yoki boshqa qonuniy yechim haqida kelishadilar. Bunday kelishuv Platformada qayd etiladi. 16.5. Kafolat Buyurtmachining noto'g'ri foydalanishi, Buyurtmachi taqdim etgan sifatsiz material, yashirilgan sharoit, uchinchi shaxs aralashuvi, tabiiy eskirish yoki Ijrochi nazoratidan tashqari sabab oqibatida yuzaga kelgan nuqsonga tatbiq etilmaydi, agar Ijrochining aybi bo'lmasa. 16.6. Operator Ijrochi o'rniga kafolat beruvchi emas. Operator sifat, kafolat va natijaga oid nizo uchun elektron dalillarni saqlash hamda taraflar muloqotini tashkillashtirishga ko'maklashishi mumkin.
17-BOB. NIZOLAR VA DALILLAR BILAN ISHLASH
17.1. Buyurtmachi yoki Ijrochi Buyurtma Bitimi, bajarish, Elektron AKT, sifat, to'lov, qaytarish yoki boshqa bog'liq masala yuzasidan Platformada nizo ochishi mumkin. 17.2. Nizo ochayotgan taraf sababini, talabini va mavjud dalillarini ko'rsatadi. Qarshi tarafga nizo haqida avtomatik xabar yuboriladi va u o'z izohi hamda dalillarini taqdim etishi mumkin. 17.3. Nizoda Buyurtma, Taklif, Buyurtma Bitimi, Elektron AKT, to'lov holati, chat, Audit izi, foto, video, hujjatlar, geolokatsiya ma'lumoti mavjud bo'lsa va boshqa qonuniy dalillar foydalanilishi mumkin. 17.4. Taraflar dalilni soxtalashtirmaslik, yolg'on ma'lumot bermaslik, qarshi tarafning shaxsga doir ma'lumotlarini nizo doirasidan tashqariga chiqarmaslik hamda Operatorning qonuniy so'roviga javob berish majburiyatini oladilar. 17.5. Operator dalillarni texnik yig'ish, saqlash, taraflarga muloqot maydoni yaratish, murosali yechimni qayd etish va xavfsizlik chorasini ko'rishda ko'maklashadi. 17.6. Operator sud, davlat organi yoki yakuniy arbitr emas; uning texnik xulosasi, cheklovi yoki tavsiyasi nizoning taraflar uchun majburiy yakuniy huquqiy hal qilinishi hisoblanmaydi. Ushbu Oferta doirasida majburiy ichki apellyatsiya bosqichi belgilanmaydi. 17.7. Nizo bo'yicha mablag'ni chiqarish, qaytarish yoki taqsimlash taraflarning elektron kelishuvi, Elektron AKT, qonuniy kuchga kirgan sud yoki vakolatli organ hujjati, yoxud qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa asosga muvofiq amalga oshiriladi. 17.8. Operator nizo uchun zarur elektron dalillarni qonunchilikda ruxsat etilgan hajmda taraflarga, sudga yoki vakolatli organga taqdim etishi mumkin. 17.9. Muzokara va Platformadagi nizo funksiyasi taraflarni sudga yoki qonunchilikda belgilangan boshqa himoya usuliga murojaat qilish huquqidan mahrum qilmaydi.
18-BOB. JAVOBGARLIK, UNING CHEGARALARI VA FORS-MAJOR
18.1. Buyurtmachi va Ijrochi Buyurtma Bitimi bo'yicha o'z majburiyatlarini bajarishi, taqdim etgan ma'lumotlarining haqiqiyligi, o'z harakatlari, mulkka yoki shaxsga yetkazgan zarari hamda qonunbuzarligi uchun mustaqil javobgar. 18.2. 18.1-bandning umumiy qoidasidan istisno tariqasida, Jamoaviy Buyurtma bo'yicha Buyurtma Bitimini alohida elektron tasdiqlagan va unda ishtiroki tasdiqlangan har bir Ijrochi Buyurtmachiga nisbatan Jamoaviy Buyurtmaning bir butun natijasini topshirish, uning Bitimda belgilangan sifati, hajmi, muddati va xavfsizlik talablariga rioya etilishini ta'minlash, shuningdek Jamoaviy Buyurtmani bajarish bilan bevosita bog'liq holda Buyurtmachiga yetkazilgan fuqarolik-huquqiy mulkiy zararni qoplash majburiyatlari bo'yicha solidar javobgar bo'ladi, agar Buyurtma Bitimida muayyan ish qismi yoki majburiyat faqat aniq ko'rsatilgan Ijrochi zimmasiga yuklatilgani hamda uning alohida javobgarligi bevosita nazarda tutilmagan bo'lsa. Buyurtmachi bunday majburiyatning to'liq yoki qisman bajarilishini barcha tegishli Ijrochilardan birgalikda yoki ulardan istalgan biridan talab qilishga haqli. Bir Ijrochi tomonidan majburiyatning to'liq bajarilishi qolgan Ijrochilarni Buyurtmachi oldida ayni majburiyat bo'yicha javobgarlikdan ozod qiladi. Buyurtma Bitimida ko'rsatilgan Ijro ulushi Buyurtmachining solidar talabini cheklamaydi. Buyurtmachining talabini qondirgan Ijrochi boshqa tegishli Ijrochilarga nisbatan Buyurtma Bitimida belgilangan Ijro ulushlari yoki ularga yuklatilgan ish qismlariga mutanosib regress talabini qo'yishga haqli, agar Buyurtma Bitimida yoki qonunchilikda boshqacha tartib belgilanmagan bo'lsa. Jamoaga a'zo bo'lish yoki Brigadir maqomining o'zi muayyan Buyurtma Bitimida ishtiroki alohida tasdiqlanmagan shaxs uchun solidar javobgarlikni vujudga keltirmaydi. Ushbu band Operatorni Buyurtma Bitimi bo'yicha solidar qarzdorga aylantirmaydi; Operatorning javobgarligi ushbu Ofertaning 18.2–18.5-bandlarida belgilangan doirada amalga oshiriladi. Jinoyat, ma'muriy va boshqa shaxsiy javobgarlik har bir shaxsning o'z harakati va aybiga ko'ra qonunchilik asosida alohida belgilanadi. 18.3. Operator Platforma xizmatlarini lozim darajada ko'rsatmaslik oqibatida o'z aybi bilan yetkazilgan zarar uchun qonunchilikda belgilangan doirada javobgar bo'ladi. 18.4. Operator Buyurtmachi va Ijrochi o'rtasidagi Buyurtma Bitimining bajarilmasligi, ish sifati, yashirin nuqson, shaxsiy kelishmovchilik, joydagi hodisa, uchinchi shaxs harakati yoki Foydalanuvchi bergan noto'g'ri ma'lumot uchun, agar bunday holat bevosita Operatorning aybi bilan kelib chiqmagan bo'lsa, javobgar emas. 18.5. Operator aloqa operatori, internet provayderi, MyID, bank, Paylov, davlat axborot tizimi, qurilma ishlab chiqaruvchisi yoki boshqa mustaqil uchinchi shaxsning nosozligi, qarori yoki kechikishi uchun javobgar emas. Operator bunday holatni aniqlasa, oqibatni kamaytirish uchun oqilona choralarni ko'radi. 18.6. Qonunchilik ruxsat etgan doirada Operator boy berilgan foyda, bilvosita zarar, ishbilarmonlik obro'siga oid zarar yoki Platformadan foydalana olmaslikdan kelgan oqibatlar uchun javobgar bo'lmaydi. Ushbu qoida qonun bilan cheklab bo'lmaydigan javobgarlikni istisno etmaydi. 18.7. Taraflarning oqilona nazoratidan tashqarida yuzaga kelgan, oldindan ko'rish yoki oqilona choralar bilan oldini olish mumkin bo'lmagan favqulodda va yengib bo'lmaydigan holatlar fors-major hisoblanadi. Bunday holatlarga, jumladan, tabiiy ofatlar, yong'in, epidemiya yoki pandemiya oqibatidagi majburiy cheklovlar, urush va harbiy harakatlar, terrorchilik harakatlari, ommaviy tartibsizliklar, davlat organlarining majburiy qarorlari, elektr energiyasi, aloqa, internet, bank yoki to'lov infratuzilmasining keng ko'lamli va uzoq davom etuvchi uzilishlari kirishi mumkin. 18.8. Fors-major holati ta'siriga uchragan taraf bu haqda boshqa tegishli taraflarni va zarur hollarda Operatorni bunday holat ma'lum bo'lgan yoki ma'lum bo'lishi lozim bo'lgan paytdan boshlab imkon qadar tez, biroq besh ish kunidan kechiktirmay Platforma yoki boshqa rasmiy aloqa kanali orqali xabardor qiladi. Xabarnomada fors-major holatining mazmuni, uning majburiyatlarni bajarishga ta'siri va taxminiy davomiyligi ko'rsatiladi. 18.9. Fors-major holati to'g'risida belgilangan muddatda xabar bermagan taraf, agar xabar berishga mazkur holatning o'zi bevosita to'sqinlik qilmagan bo'lsa, o'z vaqtida xabar berilmaganligi oqibatida boshqa tarafga yetkazilgan zararni qoplash majburiyatidan ozod etilmaydi. 18.10. Fors-major holati ta'sir qilgan majburiyatlarni bajarish muddati ushbu holat va uning oqibatlari davom etgan muddatga mutanosib ravishda uzaytiriladi. Fors-major taraflarni avval bajarilgan ishlar, qabul qilingan natijalar, amalga oshirilgan to'lovlar, qaytarish majburiyatlari yoki fors-major yuzaga kelguniga qadar vujudga kelgan boshqa majburiyatlardan avtomatik ravishda ozod qilmaydi. 18.11. Fors-major holati tugaganidan keyin ta'sirlangan taraf boshqa taraflarni bu haqda imkon qadar tez xabardor qiladi va majburiyatlarni bajarishni tiklash uchun oqilona choralarni ko'radi. Agar fors-major holati o'ttiz kalendar kundan ortiq davom etsa va Buyurtma Bitimini bajarish o'z ma'nosini yo'qotsa yoki amalda imkonsiz bo'lib qolsa, taraflardan har biri bajarilgan qism, qabul qilingan natija, tegishli hisob-kitob va qaytarilishi lozim bo'lgan summalarni aniqlagan holda Buyurtma Bitimini bekor qilish tashabbusi bilan chiqishi mumkin. 18.12. Fors-major holatining mavjudligi, davomiyligi va tegishli majburiyatga ta'siri nizolashilganda, manfaatdor taraf qonunchilikda nazarda tutilgan hujjatlar, vakolatli organlarning ma'lumotlari, texnik qaydlar, to'lov tizimi yoki aloqa operatorining xabarlari hamda boshqa ishonchli dalillarni taqdim etadi. Fors-major holatining mavjudligi majburiyatni bajarmagan tarafni avtomatik ravishda javobgarlikdan ozod qilmaydi; ushbu holat bilan majburiyatni bajarmaslik o'rtasida bevosita sababiy bog'liqlik mavjud bo'lishi lozim.
19-BOB. OFERTANING AMAL QILISHI, O'ZGARTIRILISHI VA YAKUNIY QOIDALAR
19.1. Oferta unda ko'rsatilgan kuchga kirish sanasidan amal qiladi va yangi tahrir bilan almashtirilguniga yoki Operator uni bekor qilguniga qadar amal qiladi. 19.2. Foydalanuvchi akseptlagan Oferta versiyasi, Buyurtma Bitimi, Elektron AKT va boshqa tegishli elektron hujjatlarning versiyasi Audit izida saqlanadi. 19.3. Yangi Oferta tahriri, agar unda boshqacha ko'rsatilmagan bo'lsa, kuchga kirganidan keyin Platformadan foydalanish munosabatlariga tatbiq etiladi. Avval tuzilgan Buyurtma Bitimiga u faqat taraflarning roziligi yoki qonunchilikning majburiy talabiga ko'ra tatbiq etiladi. 19.4. Foydalanuvchi Ofertaning yangi tahririga rozi bo'lmasa, yangi tahrir kuchga kirishidan oldin Platformadan foydalanishni to'xtatishi va amaldagi Buyurtma Bitimlari bo'yicha majburiyatlarini tegishli tartibda yakunlashi mumkin. 19.5. Foydalanuvchi tomonidan qo'llab-quvvatlash xizmatiga yuborilgan murojaat Platforma akkaunti, rasmiy elektron pochta yoki Platformada ko'rsatilgan boshqa rasmiy kanal orqali qabul qilinadi. 19.6. Ushbu Oferta O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq talqin qilinadi va qo'llaniladi. 19.7. Ofertaning biror qoidasi haqiqiy emas yoki qo'llanilmaydigan deb topilsa, bu qolgan qoidalarning amal qilishiga ta'sir etmaydi. 19.8. Foydalanuvchi Operatorning oldindan yozma roziligisiz ushbu Ofertadan kelib chiqadigan huquq va majburiyatini uchinchi shaxsga o'tkazmaydi. Operator Platformani qayta tashkil etish, huquqiy vorislik yoki qonunchilikda ruxsat etilgan boshqa asosda o'z huquq va majburiyatlarini huquqiy vorisga o'tkazishi mumkin. 19.9. Ushbu Oferta bilan bog'liq savol va murojaatlar Platformadagi qo'llab-quvvatlash chati, ishon.org veb-sayti yoki Operatorning yuqorida ko'rsatilgan elektron pochta manzili orqali yuboriladi.
OPERATOR REKVIZITLARI
«Help To Business HTB» MCHJ STIR: 310620663 IFUT: 70220 Yuridik manzil: Buxoro viloyati, Shofirkon tumani, Do'rmon MFY, 297-uy. Elektron pochta: helptobusiness_htb@mail.ru Telefon: +99893 169 96 69 Veb-sayt: ishon.org Qo'llab-quvvatlash: Platformadagi va veb-saytdagi chat Eslatma: Operatorning yuridik manzili yoki boshqa rekvizitlari o'zgargan taqdirda, yangilangan ma'lumotlar Operatorning rasmiy veb-sayti va (yoki) Platformada e'lon qilinadi.